«Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin», deyishadi. Bu maqolning mavzuga nima aloqasi bor, deb o‘ylashingiz mumkin. Aloqasi bor. Gap shundaki, har bir sohaning o‘ziga xos xususiyatlari va muammolarini aynan shu sohani yaxshi biladigan mutaxassislar chuqurroq anglaydi. Tibbiyot tili bilan aytganda, jarroh o‘z amali bilan jarroh.

Biroq bugungi kunda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyatining kasbiy tarkibiga nazar tashlasak, bir qator savollar tug‘iladi. Xususan, vazirlik rahbarlarining ta’lim yo‘nalishlari va sohaviy tajribasi tizim oldida turgan vazifalarga qay darajada mos?

Batafsil ko‘rib chiqamiz.

Adilov Eldor Erkinovich – O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri.

Ma’lumoti oliy. 2008-yilda Toshkent moliya institutini, 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini hamda 2018-yilda Yaponiyaning Siyosiy tadqiqotlar milliy institutini (GRIPS) tamomlagan.

Imamov Otabek Sunnatovich – vazirning birinchi o‘rinbosari.

Ma’lumoti oliy. 2002-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini, 2011-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Tibbiyot fanlari doktori. 2020-yilda «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan.

Xudayqulov Adxam Yusupovich – vazir o‘rinbosari.

Ma’lumoti oliy. 2005-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2007-yilda Buyuk Britaniyaning Nottingem universitetini, 2015-yilda Yaponiyaning Oliy siyosiy tadqiqotlar instituti Davlat boshqaruvi maktabini, 2020-yilda esa Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetini tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari doktori.

Omonov Olim Murodullayevich – vazir o‘rinbosari.

Ma’lumoti oliy. 2001-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini, 2006-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti magistraturasini, 2010-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Umrzaqov Ilxomjon O‘rinboy o‘g‘li – vazir o‘rinbosari.

Ma’lumoti oliy. 2008-yilda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetini, 2016-yilda Yaponiyaning Tokio universitetini tamomlagan.

Muxamedov Sherzod Dilmuratovich – vazir o‘rinbosari.

Ma’lumoti oliy. 2010-yilda Toshkent moliya institutini, 2013-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Asamutdinov Jaloliddin Sharafutdinovich – vazir o‘rinbosari.

Ma’lumoti oliy. 2005-yilda O‘zbekiston Milliy universitetini, 2008-yilda esa ushbu oliy ta’lim muassasasining magistraturasini tamomlagan.

Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, vazirning olti nafar o‘rinbosari bor. Ularning ta’lim yo‘nalishlariga nazar tashlasak, tibbiyot bo‘yicha ma’lumotga ega rahbarlar soni cheklanganini ko‘ramiz. Vazirning o‘zi ham tibbiy emas, moliyaviy-iqtisodiy yo‘nalishda ta’lim olgan.

Albatta, bu holatning o‘zi rahbarlarning kasbiy salohiyati yoki ish samaradorligiga baho berish uchun yetarli emas. Zero, sog‘liqni saqlash tizimini faqat tibbiy amaliyotdan iborat deb bo‘lmaydi. Unda moliyaviy boshqaruv, davlat xaridlari, kadrlar siyosati, raqamlashtirish va tibbiy sug‘urta kabi yo‘nalishlar ham muhim o‘rin tutadi.

Biroq boshqaruv uchun ham sohani tushunish, tibbiyot xodimlarining ehtiyojlarini anglash va qabul qilinayotgan qarorlarning bemorlar salomatligiga ta’sirini baholay olish talab etiladi.

Masalaning yana bir muhim jihati bor. Bugun mamlakatimizda tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va sog‘liqni saqlash sohasida moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish vazifalari dolzarb bo‘lib turibdi. Shu nuqtayi nazardan, vazirlik rahbariyati tarkibida iqtisod va moliya mutaxassislarining bo‘lishi mantiqan asosli.

Ammo tibbiy sug‘urtani joriy etishning o‘zi ham faqat moliyaviy masala emas. Bu jarayonda tibbiy xizmatlar sifati, kafolatlangan xizmatlar hajmi, mablag‘larning maqsadli sarflanishi, profilaktika va aholining ijtimoiy himoyasi kabi masalalar ham hal etilishi kerak. Demak, iqtisodiy bilimlar tibbiy tajriba va jamoat salomatligi bo‘yicha kompetensiyalar bilan uyg‘unlashishi zarur.

Shu ma’noda, vazirlik rahbariyatida moliyaviy-iqtisodiy va boshqaruv salohiyati bilan bir qatorda, tibbiy amaliyot va jamoat salomatligi yo‘nalishlarini chuqur biladigan mutaxassislarning bo‘lishi muhim.

Negaki, sog‘liqni saqlash tizimining asosiy vazifasi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish bilangina cheklanmaydi. Uning bosh maqsadi – aholi salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishdir.

Bugun sohaga oid ko‘p bora bong urilayotgan masalalardan biri – ayrim kasalliklarning yosharib borayotganligidir. Bu holatni baholashda aniq statistik ma’lumotlar, kasallanish dinamikasi va profilaktika natijalariga tayanish lozim. Zero, muammoning ko‘lami va uning sabablarini aniqlamasdan turib, ko‘rilayotgan choralarning samaradorligiga xolis baho berish qiyin.

Albatta, tizimda profilaktika ishlari olib borilmayapti, deb bo‘lmaydi. Mutaxassislar bu masalada muntazam fikr bildirmoqda, tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq muhim savol ochiq qolmoqda: ushbu choralar kutilgan natijani beryaptimi? Agar bermayotgan bo‘lsa, muammo mablag‘ yetishmasligidami, boshqaruvdami, kadrlar salohiyatidami yoki profilaktika mexanizmlarining samaradorligidami?

Aynan shu savollarga javob izlash sog‘liqni saqlash tizimini tahlil qilishning muhim qismi bo‘lishi kerak.

Yana bir e’tiborli jihat – rahbarlar almashinuvi va islohotlarning uzluksizligi. Agar rahbariyat tez-tez o‘zgarsa, yangi yondashuvlarning natijasini baholash va boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish qiyinlashishi mumkin. Shu bois sog‘liqni saqlash tizimida rahbarlarning faoliyatini baholashda nafaqat qisqa muddatli natijalar, balki uzoq muddatli maqsadlarga erishish ham hisobga olinishi zarur.

Tibbiy sug‘urta tizimi, shubhasiz, soha moliyalashtirilishini takomillashtirish uchun muhim vositalardan biri bo‘lishi mumkin. Biroq uni bir kunda yoki bir yilda to‘liq yo‘lga qo‘yish oson emas. Buning uchun mustahkam huquqiy asos, aniq moliyaviy hisob-kitoblar, malakali kadrlar, shaffof nazorat va aholining manfaatlarini kafolatlaydigan mexanizmlar talab etiladi.

Eng muhimi, tibbiy sug‘urta joriy etilishi aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi kerak. Aks holda, moliyalashtirish mexanizmining o‘zgarishi kutilayotgan natijani bermasligi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, sog‘liqni saqlash tizimida rahbarning qaysi sohada ta’lim olgani muhim, ammo bu yagona mezon emas. Rahbarning sohani tushunishi, jamoa bilan ishlash qobiliyati, qabul qilayotgan qarorlarining natijasi va aholi salomatligiga qo‘shayotgan hissasi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shuning uchun masalani «Tibbiyotni faqat shifokor boshqarishi kerakmi yoki iqtisodchi ham boshqara oladimi?» degan savol bilan cheklab bo‘lmaydi. Asosiy savol boshqacha: sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyati mamlakat oldida turgan tibbiy, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni samarali hal qilish uchun zarur bo‘lgan bilim va tajribaga egami?

Bu savolga esa diplomlar ro‘yxati emas, aniq natijalar, xolis tahlil va ochiq ma’lumotlar javob berishi kerak.