Turdimov Erkinjon Oqbo‘tayevich – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri. U davlat rahbarining ishonchiga qanday erishgan?

Faoliyatini bank bo‘limi mutaxassisligidan boshlagan, Xatirchi tumani, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hokimi darajasiga ko‘tarilgan Turdimov nega ta’lim sohasiga olib kelindi?

Bir qarashda, oddiy, hukumat doirasidagi doimiy kadrlar almashinuvi siyosati. Biroq biroz avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ilgari surilgan taxminiy nomzodlar orasida ham munosiblari yo‘q emasdi, albatta. Masalan, Toshqulov Abduqodir Hamidovich.

Ammo aynan Turdimov tanlandi. Nega?

Erkinjon Oqbo‘tayevich bugungi kungacha ancha mas’uliyatli yo‘lni bosib keldi. Garchi Samarqand viloyati hokimligidan sog‘lig‘i sabab ketgan bo‘lsa-da, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, muammoli masalalar ko‘p bo‘lgan Sirdaryo viloyati hokimligiga tayinlandi. Viloyatdagi islohotlar endigina Turdimovning kayfiyatiga moslashayotgan bir vaqtda, tamoman yangi yo‘nalish – ta’lim sohasiga olib o‘tildi.

Turdimov faoliyati davomida siyosiy qarashlari, rahbarlik uslubi, iqtisodiy tashabbuslari, ijtimoiy masalalarga yondashuvi va Prezident siyosati doirasidagi amaliy natijalari bilan davlat rahbarining ishonchini oqlagan kadrlardan biri.

Chunki u siyosiy faoliyatini doimiy ravishda markaziy siyosatga muvofiq amalga oshirdi, Prezident tomonidan belgilangan vazifalarni viloyat miqyosida bajarish, islohotlarni mahalliy boshqaruvga tatbiq etish, ijro intizomi, yuqoridan berilgan topshiriqlarning bajarilishi, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya qilinishi va natijalar uchun mas’uliyatli bo‘lishga jiddiy e’tibor qaratdi.

Undagi markaziy siyosatni qo‘llab-quvvatlashgina emas, balki uni aholi uchun sezilarli natijaga aylantira olish qobiliyati unga boshqaruvda kuch va natijadorlik berdi.

Prezident e’tiborini tortgan jihatlari:

·         Shaxsiy rahbarlik uslubi;

·         iqtisodiy va investitsiyaviy siyosati;

·         aholi muammolari va ijtimoiy masalalardagi siyosiy qarashlari;

·         jamoatchilik bilan aloqalar va axborot siyosatiga yondashuvi.

Xo‘sh, Turdimovdagi mazkur jihatlar Prezident ta’kidlaganidek, ta’lim sohasidagi bo‘shliqlarni bartaraf eta oladimi?

Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida sohada son ko‘payib, sifat pasayib ketganligini e’tirof etib, endi ta’lim va tibbiyot sohasiga juda katta e’tibor qaratilishini aytib o‘tdi.

Tabiiyki, ushbu e’tirof mamlakat fuqarosi sifatida barchamizni birdek quvontiradi. Zero, uzoq yillar davomida ta’lim sohasidagi oqsoqlik barchamizni tashvishga sola boshlagan edi.

To‘g‘ri, shaxsiy rahbarlik uslubiga ega va jamoatchilik bilan aloqalar hamda axborot siyosatiga yondashuvi o‘zgacha bo‘lgan Turdimovning ishni nimadan boshlashi haqida biror taxminga borish qiyin. Lekin sohada yangi vazir e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan masalalar talaygina ekanligi aniq. Hozircha esa voqealar rivojini kuzatamiz...

Hasan Abdug‘aniyev