Oradan 6 yil o‘tib, 1995-yil 21-dekabrda esa “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining (yangi tahrirdagi) Qonuni qabul qilingan.

E’tiborlisi, “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunga “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunga deya o‘zgartish kiritilgan, ya’ni o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgan qonun nomi to‘g‘ri keltirilmagan.

Biroq, o‘zgartish va qo‘shimchalarda ancha jasoratli va o‘rinli qadam tashlangan. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunining:

9-moddasida:

“O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari umumittifoq tashkilotlari bilan munosabatlarda millatlararo muomala tilini qo‘llaydilar.

Ittifoqdosh va avtonom respublikalar, shuningdek, xorijiy davlatlar bilan bo‘ladigan aloqalarda taraflar uchun maqbul til qo‘llanadi”, deb belgilangan bo‘lsa,

yangi tahrirdagi Qonunda ushbu moddaga:

9-modda.

“Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta’minlanadi.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda davlat tili, shuningdek, qatnashchilarning o‘zlari tanlagan tillar anjumanning ish tili hisoblanadi”, deya o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.

2020-yil 10-aprelda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘RQ-615-son Qonuni qabul qilinganligi esa mamlakatimizda ona tilimiz va uni asrab-avaylashga qaratilgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Shuningdek, o‘zbek tili haqida Bosh qomusimizda ham modda ajratilgan va unda:

4-modda.

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb belgilab qo‘yilgan.

Ammo shaxsiy fikrim o‘laroq, yangi tahrirda tasdiqlangan Konstitutsiyamizning ushbu moddasida keltirilgan “…ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, degan qismini ortiqcha deb hisoblayman.

To‘g‘ri, Konstitutsiya mamlakatning fikrini xalqaro maydonlarda ham ifodalaydigan hujjat, deyishingiz mumkin. Lekin O‘zbekiston mamlakat hududida boshqa bir davlatning tilini rivojlantirishga majbur emasku!

Yuqorida ta’kidlaganlarimiz xolisona fikrlar, xolos. Shu bilan birga, mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish, muloqotda qo‘llanilib kelayotgan xorijiy atama yoki so‘zlarning sof o‘zbek tilidagi variantini ommalashtirish borasida ham tizimli ishlar olib borilayotganligini aytib o‘tishimiz kerak.

Lekin bu borada qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarimiz ko‘pligini ham unutmasligimiz shart. Boisi, til – millatning ruhidir. Ruhi tark etgan tanaga aylanmasligimiz uchun esa ona tilimiz barhayot yashamog‘i kerak!

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni muborak bo‘lsin!

 

Hasan Abdug‘aniyev