O‘zbekistonda yangi siyosiy avlod shakllanyaptimi?
Siyosatda avlodlar almashinuvi har qanday davlat uchun tabiiy jarayon bo‘lsa-da, bu amaliyot O‘zbekiston misolida bir oz savolli masala. Biroq mamlakatimizda kuni kecha ro‘y bergan holat siyosiy ongi faol bo‘lgan har bir kishini mantiqan o‘ylantirgani aniq.

Garchi ijtimoiy tarmoqlarda oddiy qabul qilingan bo‘lsa-da, poytaxtimizning Yangi hayot, Yashnobod, Yakkasaroy, Chilonzor tumanlari hokimligiga va Prezident Administratsiyasining ayrim bo‘limlariga yangi yosh kadrlarning tayinlanishi O‘zbekiston siyosatida yangi davr boshlanayotganligiga o‘ziga xos “signal” bo‘lishi mumkin.
Aslida har qanday davlat boshqaruvi bir avlodning shaxsiy tajribasi bilan cheklanib qolmaydi. Tabiiyki, bugun qaror qabul qilayotgan rahbarlar ertaga o‘z o‘rnini yangi avlodga bo‘shatib beradi. Ammo yangi avlod bu o‘ringa qay darajada tayyor?
O‘zbekistonda keyingi yillarda yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan e’tibor har qachongidan ham kuchaymoqda. O‘z o‘rnida yosh kadrlarni mas’ul lavozimlarga olib kelish, ularga katta vazifalarni ishonib topshirish va boshqaruvda yangi avlod vakillarining ulushini oshirish kadrlar siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri. Shu nuqtayi nazardan, bu tabiiy va ijobiy jarayon.
Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor:
Ya’ni, biz yosh rahbarlarni tayyorlayapmizmi yoki shunchaki yosh rahbarlarni tayinlayapmizmi?
Bu ikki tushuncha o‘rtasida yaxshigina farq bor. Negaki, lavozim – siyosatchi degani emas. Boshqacha aytganda, yosh mutaxassis yuqori lavozimga tayinlangani bilan siyosatchiga aylanib qolmaydi. U jamiyat psixologiyasini, davlat manfaatini, iqtisodiy jarayonlarni, ijtimoiy kayfiyatni va qarorlarning uzoq muddatli oqibatlarini yaxshi anglashi lozim. Eng muhimi – mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.
Shunga qaramay, bugungi yosh avlodning katta ustunligi mavjud. Ular raqamli muhitda ulg‘aymoqda. Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, kiberxavfsizlik, elektron davlat xizmatlari kabi tushunchalar ular uchun yangilik emas.
Bu davlat boshqaruvi uchun katta imkoniyat. Biroq texnologiyani bilish bilan jamiyatni boshqarish boshqa-boshqa narsa. Odamlar bilan, jamiyat bilan ishlash uchun boshqacha qobiliyat kerak.
“Tez o‘sgan kadr” fenomeni
Qobiliyatli insonni yillab kuttirib qo‘yish ham to‘g‘ri emas, albatta. Lekin yosh kadrlar bilan bog‘liq eng jiddiy masalalardan biri ularning lavozim zinalaridan qanchalik tez ko‘tarilishidir. Siyosatda tajribaning o‘rni bor.
Bu jarayonda inson avval mutaxassis bo‘ladi. Keyin jamoani boshqaradi. Bosqichma-bosqich resurs va budjet uchun javob berish tajribasini orttiradi. Katta siyosiy qarorlarning oqibatini anglay boshlaydi. Agar bu bosqichlar sun’iy ravishda qisqartirilsa, mansabi bor, ammo rahbarlik maktabi yo‘q kadrlar ko‘payadi.
Yangi siyosiy avlod qanday bo‘lishi kerak?
Yangi siyosiy avlodni faqat pasportdagi yosh belgilamaydi. Uning asosiy belgisi fikrlash uslubi bo‘lishi kerak. Eng muhimi, u “Menga kim ishonadi?” emas, “Menga berilgan vakolatni qanday oqlayman?” degan savolni ko‘proq o‘ylashi lozim.
Siyosatda shaxslarning kim tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ham muhim, ammo uzoq muddatli siyosiy kapitalni faqat ishonch bilan qurib bo‘lmaydi. Bunda asosiysi – natija.
Kimning kadri?
Hozirgi yosh kadrlarning karyerasida “Nimasi bilan o‘zini isbotladi?” degan savoldan ko‘ra “Kimning kadri?” degan savol ustunroq tursa, ajab emas. Ammo yosh kadrlarni davlat boshqaruviga jalb qilishni oddiy kadrlar siyosati deb qarash ham noto‘g‘ri.
Ham bizdagi “o‘zbekchilik” tamoyili bilan shakllangan “tog‘a-jiyanchilik” eng katta qusurlarimizdan biridir. Lekin, afsuski, bular bor gap.
Bu mamlakatning keyingi o‘n yilliklarga tayyorgarligimi?
Mavzuga qaytamiz. Bugun 30-40 yoshdagi mutaxassislarga mas’uliyat berilsa, ular ertaga mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy qarorlarini qabul qiladigan avlodga aylanadi. Bugungi kadrlar siyosati – ertangi siyosiy arxitekturaning asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Shu ma’noda, kechagi yangi kadrlarning yuqori lavozimlarga tayinlanishi ular uchun sinovning boshlanishi. Ha, biz ularning ayrimlarini umuman tanimaymiz. Lekin bugungi kunda bunday lavozimda tanilish uchun u qadar ko‘p muddat ham talab etilmasligini yaxshi bilamiz... Siz nima deb o‘ylaysiz?
Hasan Abdug‘aniyev



