- · kurash-ika.org


2026 yil 4–9 noyabr kunlari Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida kattalar o‘rtasida Kurash bo‘yicha XV Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli xalqaro musobaqa Qozog‘istonda ilk bor tashkil etilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Jahon chempionatida dunyoning 67 ta davlatidan 400 nafarga yaqin sportchi, murabbiy, hakam, sport mutaxassisi va xalqaro sport tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich Jahon chempionatlari tarixidagi eng yuqori ishtirokchilar soni hisoblanadi. Avvalgi rekord 2022 yilda Hindistonning Puna shahrida o‘tkazilgan XIII Jahon chempionatida qayd etilgan bo‘lib, unda 60 ta davlat vakillari qatnashgan.

Musobaqaning asosiy bellashuvlari 7–8 noyabr kunlari «Jaqsiliq Үshkempіrov» nomidagi yakkakurashlar sport majmuasida o‘tkaziladi. Ushbu sport majmuasi xalqaro chempionatning asosiy musobaqa maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Chempionat doirasida 6 noyabr kuni «Rixos Astana» mehmonxonasining konferens-zalida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasining XXII Kongressi bo‘lib o‘tadi. Unda xalqaro assotsiatsiya faoliyati, Kurash sportini jahon miqyosida rivojlantirish, milliy va qitʼaviy federatsiyalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazishga oid muhim masalalar muhokama qilinadi.

Shuningdek, chempionat doirasida hakamlar va murabbiylar uchun xalqaro seminarlar, malaka imtihonlari hamda antidoping yo‘nalishidagi tadbirlar tashkil etiladi.

Jahon chempionati bellashuvlari kattalar o‘rtasida 16 ta vazn toifasida o‘tkaziladi.

Unda dunyoning eng kuchli Kurashchilari, Jahon va Osiyo chempionlari, Osiyo o‘yinlari g‘oliblari ishtirok etadi.

Kurash — o‘zbek va Markaziy Osiyo xalqlarining boy tarixiy-madaniy merosi bilan bog‘liq bo‘lgan milliy sport turlaridan biri. Bugungi kunda u xalqaro sport harakatida o‘z o‘rnini mustahkamlab, ko‘plab mamlakatlarda rivojlanib bormoqda. Jahon chempionatining Qozog‘istonda o‘tkazilishi esa ushbu sport turini yana-da ommalashtirish, davlatlar o‘rtasidagi sport aloqalarini mustahkamlash va xalqaro Kurash oilasini birlashtirishga xizmat qiladi.

Mazkur musobaqa Qozog‘istonning xalqaro sport maydonidagi salohiyatini namoyon etish, qozoq xalqining mehmondo‘stligi, boy madaniyati va mamlakatning turizm imkoniyatlarini jahon hamjamiyatiga keng tanitish uchun ham muhim imkoniyatdir.