Ta’lim va ilm-fan vazirligi: biz bu vazirlik bilan ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamizmi?
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor ancha kuchaydi. Tan olish kerak, o‘zgarishlar va ijobiy ko‘rsatkichlarimiz ham ortdi. Yoshlarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va ilm orqali erishiladigan natijalarga nisbatan ishonchi o‘zgardi. Ayniqsa, ta’lim sohasi rivojlangani sari ta’lim samaradorligidagi hududiy farqlar asta-sekin kamaymoqda. Bir so‘z bilan aytganda, taraqqiyot ta’siri o‘z so‘zini aytmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-213-son Farmoni e’lon qilindi. Hujjatga ko‘ra, yangi vazirlik Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida tashkil qilindi. Vazirlik maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, kasbiy ta’lim, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, qo‘shimcha va norasmiy ta’lim sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ularni rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanishi belgilandi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bu o‘zgarish sohaga nima beradi?
Aslida, bir tomondan qaraganda, bu yondashuv o‘zini oqlashi mumkin. Sababi, yuqorida sanab o‘tilgan sobiq vazirliklar tizimida ham boshqa tashkilotlarda bo‘lgani kabi ortiqcha yoki samarasiz shtat birliklari mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Zero, ushbu tashkilotlar alohida faoliyat yuritganida ularning tarkibida turli bo‘limlar va boshqaruv tuzilmalari ko‘p bo‘lgani ehtimoldan xoli emas.
Ammo, aytib o‘tganimizdek, mazkur tashkilotlar alohida vazirliklar sifatida faoliyat yuritgan paytda ham qator kamchiliklar ko‘zga tashlanib turgan bir sharoitda ularni birlashtirish qanchalik o‘zini oqlaydi?
To‘g‘ri, bu birlashuv natijasida ta’limning turli bosqichlaridagi qarorlar, dasturlar va rivojlanish ustuvorliklarini o‘zaro muvofiqlashtirish uchun yagona boshqaruv tizimi joriy etiladi. Biroq vazirliklarning birlashtirilishi ta’lim sifati oshganini anglatmaydi. Asosiy natija yangi boshqaruv tizimi qanday ishlashi, vakolatlar qanday taqsimlanishi va islohotlar amalda qanday bajarilishiga bog‘liq.
Masalan:
Maktabgacha ta’limdan boshlanadigan uzluksizlik
Bolalar bog‘chasida shakllangan bilim va ko‘nikmalarni maktab ta’limi bilan bog‘lashga ko‘proq e’tibor qaratilishi mumkin. Maktabga tayyorgarlik, o‘quv dasturlarining izchilligi va bolalarning keyingi bosqichga moslashuvi yagona yondashuv asosida tashkil etilishi ehtimoli bor.
Maktab ta’limida mazmun va sifatga e’tibor kuchayishi
Maktab dasturlarini kasbiy va oliy ta’lim talablari bilan muvofiqlashtirish imkoniyati kengayishi mumkin.
Kasbiy ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlik
Maktab bitiruvchilarining kasb tanlashi, kasbiy ta’lim muassasalarida mutaxassis tayyorlash va oliy ta’limga yo‘naltirish jarayonlarini muvofiqlashtirish osonlashishi mumkin. Bu ish beruvchilar ehtiyojiga mos kadrlar tayyorlash uchun yagona yondashuvni shakllantirish imkonini beradi.
Oliy ta’limda maktab va kasbiy ta’lim bilan uzviylik
Oliy ta’lim muassasalariga tayyorgarlik, ta’lim yo‘nalishlarini tanlash va bitiruvchilarning mehnat bozoriga chiqish jarayonlarini o‘zaro bog‘lashga e’tibor kuchaytirilishi mumkin.
Ilm-fan va oliy ta’lim integratsiyasi
Farmonda oliy ta’limni ilm-fan bilan yaqin integratsiya qilish alohida maqsad sifatida belgilangan. Bu universitetlarda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, talabalarni tadqiqotlarga jalb etish va ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq qilish jarayonlarini muvofiqlashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, agar bu yondashuv amalda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, maktabdagi ta’lim mazmuni kasbiy ta’lim bilan, kasbiy ta’lim oliy ta’lim bilan, oliy ta’lim esa ilm-fan va ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashadi. Bu esa kadrlar tayyorlash sifatini oshirish uchun muhim imkoniyatdir.
Biroq islohotning haqiqiy muvaffaqiyati nechta vazirlik birlashtirilgani bilan emas, balki o‘quvchi qanchalik sifatli ta’lim olayotgani, pedagog qanday sharoitda ishlayotgani va universitetlardagi ilmiy izlanishlar qanday natija berayotgani bilan o‘lchanadi. Bu jarayonning natijalarini esa, tabiiyki, vaqt ko‘rsatadi.
Hasan Abdug‘aniyev



